Yangiliklar

img
Fri, 05/15/2026 - 09:32

“Nega IELTS 9 ortiqcha baholanadi?” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi

2026-yil 14-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan ochiq muloqotlar turkumi doirasida “Nega IELTS 9 ortiqcha baholanadi?” mavzusida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda ingliz tilini o‘rganish, xalqaro til sertifikatlari, akademik rivojlanish va shaxsiy o‘sish masalalariga qiziqish bildirayotgan talabalar ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, sifatli ta’limni ta’minlash, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar negizida tashkil etildi. Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni puxta egallash, xalqaro ta’lim tizimlari bilan integratsiyalashuv va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash ta’lim tizimining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuv mehmoni CELTA sertifikatiga ega o‘qituvchi hamda IELTS imtihonidan 9 ball natijani qo‘lga kiritgan Abubakir Tolipov bo‘ldi. U o‘z nutqida til o‘rganish jarayoniga doir qarashlari, shaxsiy tajribasi va zamonaviy ta’lim muhitidagi ayrim dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Muloqot davomida yuqori IELTS natijalari haqiqatan ham til bilish darajasining yagona mezoni hisoblanadimi, muvaffaqiyatli o‘rganish ortidagi fikrlash tarzi qanday shakllanadi hamda talabalar imtihon natijalaridan tashqari yana qanday ko‘nikma va omillarga e’tibor qaratishlari zarurligi kabi masalalar muhokama qilindi.

 

Shuningdek, mehmon til o‘rganish jarayonida muntazamlik, tanqidiy fikrlash, amaliy tajriba va o‘z ustida ishlashning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Tilni o‘zlashtirish faqat yuqori ball olish bilan emas, balki uni real hayot va professional faoliyatda samarali qo‘llash bilan ham chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish, o‘qish strategiyalarini shakllantirish, motivatsiyani saqlab qolish va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha foydali tavsiyalarga ega bo‘ldilar. Savol-javoblar jarayoni tadbirning interaktiv ruhda o‘tishiga xizmat qildi.

 

Mazkur tadbir yoshlarni bilim olishga undash, ularning xalqaro ta’lim va akademik rivojlanishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida sifatli ta’lim tamoyillarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi. Shuningdek, bunday uchrashuvlar talabalarni zamonaviy ta’lim muhiti talablariga moslashish va kelajakdagi professional faoliyatlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘maklashadi.