Yangiliklar

img
Fri, 02/13/2026 - 15:36

Navoiy va Bobur merosi – ma’naviyat mezoni

Bugun “Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish” konsepsiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida navbatdagi ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur uchrashuv prokuratura organlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlar ongida milliy qadriyatlar va boy adabiy merosimizga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari Uzoq Jo‘raqulov hamda Zulxumor Xolmanova ishtirok etib, Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan mazmunli va tahliliy ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.

Uzoq Jo‘raqulov o‘z nutqida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodining bebaho ma’naviy meros ekanini alohida ta’kidladi. U Navoiyning asarlarida ilgari surilgan adolat, halollik, insonparvarlik, vatanparvarlik va komillikka da’vat g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini qayd etdi. Ma’ruzada “Layli va Majnun” hamda “Mahbub ul-qulub” asarlaridan parchalar keltirilib, ulardagi chuqur falsafiy fikrlar va tarbiyaviy ahamiyat keng sharhlab berildi. Notiq Navoiyni nafaqat so‘z mulkining sultoni, balki yuksak ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida e’tirof etish lozimligini ta’kidladi.

 

Zulxumor Xolmanova esa o‘z ma’ruzasida joriy hafta buyuk ajdodlarimiz tavallud sanalari bilan boshlanayotganini alohida urg‘ulab, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati hamda ijodidagi o‘ziga xos jihatlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. U Boburning shoh va shoir sifatidagi qiyofasini ochib berar ekan, “Boburnoma” asarining tarixiy, ilmiy va adabiy ahamiyatini keng yoritdi. Asarda aks etgan voqealar, tarixiy faktlar, geografik va etnografik ma’lumotlar Bobur hayoti va siyosiy faoliyati haqida muhim manba ekanligi ta’kidlandi.

 

Tadbir davomida ishtirokchilar faol muloqotda bo‘lib, ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Savol-javoblar jarayoni uchrashuvning yanada mazmunli va samarali o‘tishiga xizmat qildi.

Yakunda mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda prokuratura organlari jamoasi professorlarga tashrif va mazmunli ma’ruzalar uchun minnatdorlik bildirib, kelgusidagi ilmiy va ijodiy faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.