Muvaffaqiyat sari yo‘l – talaba-qizlar uchun ma’rifiy uchrashuv
16-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-qizlarning davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish hamda kelajakdagi kasbiy yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashga ko‘maklashish maqsadida “Muvaffaqiyat sari yo‘l” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Universitetda so‘nggi yillarda talaba-qizlar faolligi sezilarli darajada oshib bormoqda. Ta’lim jarayonida ularning ulushi yuqori bo‘lib, ular nafaqat o‘qish, balki ilmiy izlanishlar, ijtimoiy tashabbuslar va turli loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. 2025–2026-o‘quv yilida talaba-qizlar tashabbusi bilan o‘nga yaqin turli tadbirlar tashkil etilgan bo‘lib, ularning yarmi qizlarning bandligini ta’minlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, “5 tashabbus” loyihasi doirasida go‘zallik saloni, tikuvchilik xonalari va pazandalik to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
Mazkur universitetda talaba-qizlarning ilmiy salohiyati ham yuksalib bormoqda. Ular tomonidan yozilgan o‘nlab ilmiy maqolalar respublika va xalqaro jurnallarda chop etilgan. Bundan tashqari, ko‘plab talabalar chet tillari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab bormoqda. Universitetda talaba-qizlar uchun tashkil etilgan “Leader qizlar” klubi doirasida muntazam ravishda turli uchrashuvlar, treninglar va mahorat darslari o‘tkazilib kelinmoqda.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari hamda 1-, 2- va 3-kurs talabalari faol ishtirok etdilar. Uchrashuvga taklif etilgan faxriy mehmon — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Kadirxanova bo‘ldi.
Malika Kadirxanova o‘z nutqi davomida mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlat darajasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari hamda ayollarning jamiyatdagi, xususan siyosiy jarayonlardagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. U shuningdek, davlat fuqarolik xizmatining mohiyati, undagi mas’uliyatli vazifalar va bu sohada muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan bilim, intizom va ko‘nikmalar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Malika Kadirxanova talaba-qizlarni o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish, mustaqil fikrlash, doimiy izlanish va o‘z ustida ishlashga undadi. U davlat xizmatchisi sifatida shakllanish jarayoni bosqichlari, amaliy tajriba orttirishning ahamiyati hamda mas’uliyatli qarorlar qabul qilishda bilimning o‘rni haqida ham o‘z tajribalaridan misollar keltirdi.
Tadbir davomida talaba-qizlar tomonidan berilgan savollar katta qiziqish bilan tinglanib, mehmon tomonidan batafsil va tushunarli javoblar berildi. Savol-javob jarayoni samimiy va jonli ruhda o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, kelajakdagi kasbiy yo‘nalish, davlat xizmatiga kirish imkoniyatlari hamda shaxsiy rivojlanish bo‘yicha ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi.
Tadbir davomida Malika Kadirxanova universitetning faol talaba-qizlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularni amaliy jarayonlarga jalb etish va tajriba almashish maqsadida taklif etdi. Bu tashabbus talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va kelgusida yangi hamkorlik imkoniyatlariga zamin yaratdi.
Yakunida ishtirokchilar, professor-o‘qituvchilar va mehmonlar esdalik uchun suratga tushdilar. Tadbir ko‘tarinki ruhda, iliq va ilhomlantiruvchi muhitda yakunlandi.

