Yangiliklar

img
Fri, 04/10/2026 - 18:25

Mutolaada asliyat va tarjima qiyosi

2026-yil 8-aprel kuni taniqli adib va munaqqid Nazar Eshonqul bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv nafaqat adabiy muloqot, balki mutolaa madaniyati va tarjimashunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan chinakam mahorat darsi bo‘ldi.

Mazkur to’garak mashg’uloti universitetning Yoshlar  masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva tashabbusi bilan tashkil etildi. Prorektor uchrashuv davomida talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularda jahon adabiyotiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish va badiiy asarlarni chuqur tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish bunday tadbirlarning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidladi.

“Mutolaada asliyat va tarjima qiyosi: rus, turk, ingliz tilidagi asarlar misolida” mavzusida o‘tkazilgan muloqotda jahon adabiyoti durdonalarini o‘qish, ularning badiiy qatlamlarini anglash va tarjima jarayonidagi murakkabliklar haqida so‘z bordi. Nazar Eshonqul rus adabiyotining klassik namunalari, turk nasrining o‘ziga xosligi va ingliz tili orqali kirib kelayotgan zamonaviy oqimlar misolida asarni asliyatda o‘qishning afzalliklarini tushuntirib berdi. Adibning ta’kidlashicha, har bir tilning o‘ziga xos ruhiyati bor va tarjima qanchalik mahorat bilan bajarilmasin, asliyatdagi ba’zi nozik ma’nolar faqat o‘sha tilni bilish orqali namoyon bo‘ladi.

Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida talabalar yozuvchiga jahon adabiyoti namoyandalari ijodi, tarjimada milliy ruhni saqlab qolish muammolari va badiiy asar tilining jozibasi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi. Ayniqsa, asarni bir tildan ikkinchi tilga o‘girishda shunchaki so‘zlarni emas, balki muallifning uslubi va u yashagan davr muhitini ko‘chirish masalasi bo‘yicha qizg‘in bahslar o‘tkazildi.
Tadbir davomida Nazar Eshonqul yosh kitobxonlarga mutolaa borasida qimmatli tavsiyalar berib, har bir talaba kamida bitta xorijiy tilni mukammal o‘rganishi va o‘sha tildagi adabiyotni asliyatda his qilishi lozimligini uqtirdi. Jonli muloqot, chuqur ilmiy tahlillar va badiiy mushohadalarga boy bo‘lgan ushbu uchrashuv ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Ushbu ijodiy muloqot adabiyotshunoslik, tarjima nazariyasi va qiyosiy adabiyotshunoslik sohalari uyg‘unligini namoyon etgan, talabalarning dunyoqarashini boyitishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy voqelik sifatida e’tirof etildi.