Milliy qadriyatlar — millat faxri
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Talabalik bahori – 2026” festivali keng qamrovda va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
2026-yil 2-aprel kuni o‘tkazilgan mazkur festival talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, milliy qadriyatlar va an’analarni targ‘ib etish, shuningdek, ularning ijtimoiy va madaniy faolligini oshirishga qaratildi. Tadbir davomida universitetning turli fakultetlaridan talabalar faol ishtirok etib, o‘z iqtidor va tashabbuslarini namoyon etdilar. Festival hududi bayramona bezatilib, milliy ruh, qadimiy urf-odatlar va zamonaviy ijodiy yondashuv uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Festival doirasida tashkil etilgan tanlovlar mazmunan rang-barang bo‘lib, har bir yo‘nalish o‘ziga xos ma’naviy va estetik ahamiyat kasb etdi. Jumladan, “Milliy liboslar” tanlovida ishtirokchilar milliy kiyimlarning nafisligi, ranglar uyg‘unligi va zamonaviy talqini orqali o‘z didini namoyish etdilar. “Milliy taomlar” tanlovida esa talaba-yoshlar o‘z hududlariga xos taomlarni tayyorlab, ularning tarkibi, tayyorlanish usuli hamda tarixiy ildizlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.
“Ranglar jilosi” tanlovi yoshlarning badiiy tafakkuri va tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini ochib bergan bo‘lsa, “Nigoh” fotosuratlar tanlovi orqali hayotiy lavhalar, milliy muhit va insoniy kechinmalar tasviriy vositalar orqali ifoda etildi. Sport yo‘nalishidagi “Tosh ko‘tarish” va “Arqon tortish” musobaqalari esa festivalga jo‘shqinlik va raqobat ruhini olib kirdi. “Alla aytish” tanlovi esa milliy og‘zaki ijod namunalari, xususan, allachilik an’analarini yoshlar ongiga singdirishda muhim o‘rin tutdi.

Tanlovlar universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi hakamlar hay’ati tomonidan sinchkovlik bilan baholandi. Baholash jarayonida ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, mavzuni chuqur ochib berish darajasi, milliy an’analarni aks ettirish hamda umumiy taqdimot madaniyati asosiy mezon sifatida e’tiborga olindi. Hakamlar hay’ati tomonidan baholash jarayonining ochiqligi va xolisligi ta’minlandi.

Mazkur festival va undagi tanlovlarning asosiy maqsadi — unutilib borayotgan asriy an’analarimizni yosh avlodga yetkazish, milliy madaniy merosni asrab-avaylash va uni zamon ruhiga mos tarzda rivojlantirishdan iboratdir. Shu jihatdan festival nafaqat ko‘ngilochar tadbir, balki muhim ma’naviy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon bo‘ldi.

Festival yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular diplom, sertifikat hamda pul mukofotlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, “Eng namunali qavat sardori” va “Eng namunali xona” nominatsiyalari bo‘yicha ham faol talabalar alohida e’tirof etildi.

“Talabalik bahori – 2026” festivali universitet hayotida yorqin voqea sifatida talaba-yoshlar o‘rtasida ijodiy muhitni yanada mustahkamlash, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish va ularni keng jamoatchilikka targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

