Milliy qadriyatlar — ma’naviy yuksalish va taraqqiyot poydevori
Har bir xalqning jahon tamaddunida tutgan o‘rni va nufuzi uning necha asrlik milliy qadriyatlari, madaniy merosi hamda ma’naviy boyligi bilan o‘lchanadi. Qadriyatlar — bu shunchaki o‘tmish xotirasi emas, balki bugungi kunimizni mazmunli qiluvchi, jamiyat taraqqiyotiga yo‘l ko‘rsatuvchi va kelajak avlodlar uchun mustahkam hayotiy maktab vazifasini o‘tovchi muhim omildir. Yoshlar ongi va qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirishda ushbu bebaho boyligimizning o‘rni beqiyosdir.
Shu munosabat bilan, universitetimizda yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitishga qaratilgan navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. "Ijtimoiy-gumanitar fanlar" kafedrasi o‘qituvchisi Gulbahor Ibrohimova tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu uchrashuvda "Psixologiya" yo‘nalishi 1-bosqich talabalari ishtirok etishdi. Tadbir "Milliy qadriyatlarimiz — bebaho boyligimiz!" shiori ostida, samimiy va jonli muloqot ruhida o‘tkazildi.
Muloqot davomida Gulbahor Ibrohimova qadriyatlarning inson psixologiyasidagi tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlandiki, milliy o‘zlikni anglash va an’analarga hurmat ruhida tarbiya topgan inson jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishga, atrofdagilar bilan sog‘lom ijtimoiy munosabatlar o‘rnatishga moyil bo‘ladi. Qadriyatlar inson hayotini tartibga soluvchi, unga ma’naviy kuch va ruhiy xotirjamlik beruvchi asosiy manba sifatida e’tirof etildi.
Yakunda shunday xulosaga kelindiki, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash — bu o‘zligimizni e’zozlashdir. Bunday tadbirlar talaba-yoshlarning nafaqat bilimli mutaxassis, balki yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

