Yangiliklar

img
Tue, 03/03/2026 - 16:26

Milliy o‘quv dasturini takomillashtirish yo‘lida xalqaro hamkorlik

Joriy yilning 23-fevralidan 2-martiga qadar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari va tayanch doktoranti Milliy o‘quv dasturini takomillashtirish doirasida tashkil etilgan xalqaro seminar-treningda faol ishtirok etdilar. Mazkur tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, UNICEF hamda Cambridge University Press & Assessment ekspertlari hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda universitetning O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori (DSc) Klaraxon Mavlonova, O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi dotsenti, filologiya fanlari doktori (PhD) Mahfuzaxon To‘ychiyeva hamda 1-bosqich tayanch doktoranti Xusnora Baxtiyorova ishtirok etdilar. Ular trening jarayonida ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, kompetensiyaviy ta’lim modeli, o‘quv dasturini mazmunan boyitish hamda fanlararo integratsiyani kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar Kembrijning til va adabiyot ta’limiga oid ilg‘or tajribalari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, tahlil qilish, ijodiy yondashuv va nutq madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan metodik yondashuvlar muhokama qilindi. Mashg‘ulotlar interaktiv shaklda olib borilib, guruhli ishlanmalar, amaliy topshiriqlar hamda taqdimotlar orqali tajriba almashish yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tashkilotning ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha yetakchi konsultanti Lindsay Thomas yangi yondashuvlarni shakllantirish yo‘lida jamoaviy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur jarayonda asosiy e’tibor o‘quv dasturini mazmunan boy, o‘quvchilar uchun qiziqarli va izchil tizimga aylantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlarni yanada chuqurlashtirish hamda o‘qituvchilar uchun zamonaviy metodik materiallar va qo‘llanmalarni ishlab chiqish navbatdagi ustuvor vazifa etib belgilangan.

 

Mazkur xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan tajriba va bilimlar milliy o‘quv dasturini yanada takomillashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi kutilmoqda. Universitet vakillarining faol ishtiroki esa oliy ta’lim muassasasining ta’lim islohotlaridagi faol pozitsiyasi va xalqaro maydondagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyon etdi.