“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adabiy-ma’rifiy tashrif tashkil etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talaba-yoshlari uchun “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adabiy-ma’rifiy tashrif tashkil etildi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish hamda xotirasini abadiylashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida universitet rahbariyati boshchiligida talaba-yoshlar Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi hamda Shahidlar xotirasi maydoniga tashrif buyurdilar. Ushbu maskanlarda tarixchi-mutaxassislar va muzey xodimlari tomonidan siyosiy qatag‘on yillarida nohaq jabrlangan vatandoshlarimizning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati hamda ularning Vatan taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Adabiy-ma’rifiy dars shaklida tashkil etilgan mazkur tashrif yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda ajdodlarimiz xotirasiga ehtirom ruhini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tashrif yakunida talaba-yoshlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, tarixiy xotirani asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdilar.

