Yangiliklar

img
Tue, 05/05/2026 - 16:51

Ma’rifat – jaholatga qarshi kuch

2026-yil 4-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusida dolzarb va mazmunli davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi yoshlar ongida ma’rifatni yuksaltirish, ularni turli zararli g‘oyalardan asrash, shuningdek, jamiyatda bilim va tafakkur ustuvorligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatini Toshkent shahar “Ma’rifiy targ‘ibot markazi” davlat muassasasi direktori, “Shuhrat” medali sohibi M. G'. Xidirov olib bordi. U o‘z nutqida jaholatning jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, uning inson tafakkuri va hayotiga olib keladigan zararli oqibatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Xususan, jaholat insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishi, uni turli yot g‘oyalarga berilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ma’rifat, bilim va mustaqil fikrlash esa insonni har qanday salbiy ta’sirlardan himoya qiluvchi eng muhim omil ekani alohida qayd etildi.

Tadbir davomida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Talabalar o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan qiziqarli savollar berdilar hamda hayotiy misollar asosida o‘z qarashlarini bildirdilar. Bu esa davra suhbatining yanada jonli va mazmunli o‘tishiga xizmat qildi. Ishtirokchilar jaholatning turli ko‘rinishlari, uning kelib chiqish sabablari va unga qarshi kurashishda har bir insonning o‘rni haqida fikr almashdilar.

Shuningdek, tadbirda bugungi globallashuv davrida yoshlarning zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi, axborot oqimida to‘g‘ri yo‘l topa bilishi, tanqidiy fikrlashni rivojlantirishi nihoyatda muhim ekani ta’kidlandi. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, o‘z ustida muntazam ishlash orqali har bir yosh o‘z kelajagini mustahkam poydevor asosida qurishi mumkinligi qayd etildi.

 

Davra suhbatida, shuningdek, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning o‘rni, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish kabi masalalar ham muhokama qilindi. Yoshlarning ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini egallashga undash kabi jihatlar alohida e’tiborga olindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday davra suhbatlari yoshlar uchun nihoyatda foydali ekanini ta’kidlab, ular orqali nafaqat bilim olish, balki o‘z fikrini erkin ifoda etish ko‘nikmalari ham rivojlanishini qayd etdilar. Mazkur uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirib, ularni yanada izlanishga, ilm olishga, ma’rifat yo‘lida sobitqadam bo‘lishga undadi.

 

Umuman olganda, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” mavzusidagi ushbu davra suhbati yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni bilim va tafakkur sari yetaklash hamda jamiyatda ma’rifatli avlodni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.