Maktab o‘quvchilarining universitetga tashrifi
Joriy yilning 29-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Yangi hayot tumanidagi 285-umumiy o‘rta ta’lim maktabining bir guruh o‘quvchilari tashrif buyurdi. Ushbu tashrif guruh rahbari Farangiz Nurillayeva boshchiligida tashkil etildi.
Mehmonlarni universitetning Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘limi uslubchisi Xurshid Ubaydullayev kutib oldi hamda o‘quvchilar uchun maxsus tanishtiruv dasturini olib bordi. Dastlab o‘quvchilarga universitet tarixi, bugungi faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar Axborot-resurs markaziga tashrif buyurib, bu yerda mavjud o‘quv zallari, elektron resurslar, darslik va ilmiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. ARMda yaratilgan qulay muhit yoshlarning mustaqil bilim olishlari uchun muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Tashrif davomida mehmonlar universitet huzuridagi “Umid” sport klubi faoliyati bilan ham tanishtirildi. Sport klubida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar va sport to‘garaklari haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv yakunida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Bunday tanishtiruv tashriflari yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kelgusida to‘g‘ri kasb tanlashlariga ko‘maklashish hamda universitet hayoti bilan yaqindan tanishishlariga xizmat qiladi.

