Yangiliklar

img
Tue, 05/12/2026 - 17:40

“Madaniyat kodi va lingvomadaniy tafakkur” mavzusida binar ma’ruza o‘tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimlari bilan ilmiy-akademik sohaning turli yo‘nalishlarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida muntazam ravishda binar ma’ruzalar tashkil etilishi an’anaga aylangan.

2026-yil 11-may kuni universitetda O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun “Qiyosiy lingvomadaniyatshunoslik” fanidan “Madaniyat kodi – madaniyatni tushunish kaliti. O‘zbek xalq maqol va topishmoqlarida lingvomadaniy kodlar xususiyati” mavzusida binar ma’ruza bo‘lib o‘tdi.

Ma’ruzani universitet kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor S.X.Muhamedova hamda institutning yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori (DSc) Z.R.Muqimova olib bordilar.

Ma’ruza davomida dastlab “kod” tushunchasining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Tilshunoslikda kod til orqali ifodalangan madaniy axborotni anglatishi, so‘z, ibora, maqol, ramz va metaforalar xalqning dunyoqarashi hamda tafakkur tarzini aks ettirishi ta’kidlandi. Shu bois lingvomadaniyatshunoslikda kod madaniyatni “o‘qish” vositasi sifatida talqin qilinishi izohlandi.

 

Talabalar somatik, zoomorf, biomorf, makoniy, temporal va ma’naviy lingvomadaniy kodlar haqida atroflicha bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, maqol va topishmoqlarning lingvomadaniy birlik sifatida o‘zbek tilshunosligidagi o‘rni, ularning qo‘llanish vaziyati va janr xususiyatlariga ko‘ra turli ma’no-mazmun ifodalashi, tuzilish jihatidan rang-barang shakllarda namoyon bo‘lishi haqida fikr yuritildi.

Binar ma’ruzada o‘zbek xalq maqol va topishmoqlarining muayyan xalq madaniyatini o‘zida mujassam etgan lingvomadaniy kodlar ekanligi boy faktik materiallar asosida yoritib berildi. Mashg‘ulot davomida talabalar bilan interaktiv muloqot tashkil etilib, lingvistik tajribalar o‘tkazildi hamda talabalarning savollariga batafsil javob berildi.

 

Mazkur binar ma’ruza ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida universitet hamda institut o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.