Yangiliklar

img
Thu, 02/26/2026 - 10:09

Lider-talabalar bilan ochiq muloqot o’tkazildi

Universitet talabalar turar joyida faoliyat olib borayotgan lider-talabalar ishtirokida keng qamrovli uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yotoqxonalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish, shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalarni birgalikda belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor Gulnoza Jurayeva hamda universitet Yoshlar ittifoqi sardori Sevinch Eshboyeva ishtirok etib, lider-talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordilar. Suhbat davomida talabalar turar joylarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tahlil qilinib, mavjud yutuqlar va kamchiliklar atroflicha muhokama etildi.

Xususan, kitobxonlik madaniyatini oshirish, turli intellektual o‘yinlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etish, sport musobaqalari hamda madaniy tadbirlar ko‘lamini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni tashabbuskorlik ruhida qo‘llab-quvvatlash hamda yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, yotoqxonalarda tartib-intizomni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, turli salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Lider-talabalar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar mas’ullar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.

 

Uchrashuv jarayonida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, tematik haftaliklar, ijodiy kechalar, sport festivallari va ijtimoiy aksiyalarni o‘tkazish, shuningdek, yotoqxonalarda “Eng namunali qavat” va “Eng faol lider” kabi tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

 

Tadbir yakunida talabalarning fikr va mulohazalari doimiy ravishda o‘rganib borilishi, har bir tashabbus e’tibordan chetda qolmasligi alohida qayd etildi. Mazkur uchrashuv talabalar turar joylarida yanada qulay, ma’rifiy va faol muhitni shakllantirish, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.