Lider-talabalar bilan ochiq muloqot
Universitetimizda lider-talabalar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning fikr va takliflarini bevosita tinglash hamda universitet hayotidagi dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor Gulnoza Jurayeva hamda universitet Yoshlar ittifoqi jamoasi ishtirok etdi. Uchrashuv davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, ta’lim jarayonini takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ochiq muloqot jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni yo‘llab, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflarini bildirdilar. Rahbariyat tomonidan har bir murojaat e’tibor bilan tinglanib, amaliy takliflar qo‘llab-quvvatlanishi, dolzarb masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarning tashabbuskorligi va liderlik salohiyatini yanada rivojlantirish, ularni universitet miqyosidagi hamda respublika darajasidagi loyihalarga keng jalb etish muhim vazifa ekani qayd etildi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, talabalar bilan rahbariyat o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi. Mazkur tadbir talaba-yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda universitetda sog‘lom ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.


