Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari o‘tkazildi
2026-yil 27-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasida ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 578-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi Nizom” talablariga muvofiq tashkil etildi.
Joriy o‘quv yili qabulida ko‘zi ojiz abituriyentlar universitetning Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) hamda Sotsiologiya va psixologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirdi.
Universitetning Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Milliy universiteti hamda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan imtihonlarda abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalari o‘zbek tili va adabiyoti, biologiya, matematika hamda chet tili fanlari bo‘yicha baholandi.

Imtihon jarayonlari belgilangan tartib va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazildi. Abituriyentlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, ularning bilimlarini xolis va adolatli baholashga alohida e’tibor qaratildi.

Universitet tomonidan inklyuziv ta’lim tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash, imkoniyati cheklangan yoshlarning oliy ta’lim olish huquqini ta’minlash hamda qabul jarayonlarini sifatli tashkil etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

