Koreys milliy an’analari va madaniyatiga oid maxsus dars
Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun koreys tili fani doirasida “Koreys milliy an’analari va madaniyati” mavzusida ochiq dars tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotni kafedra dotsenti v.b., PhD Kamola Abdulloyeva olib bordi.
Darsning asosiy maqsadi talabalarga koreys xalqining boy madaniy merosi, milliy an’analari, ularning kelib chiqishi va o‘ziga xos jihatlari haqida chuqur tushuncha berish, shuningdek, koreys tilida nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida koreys oshxonasining mashhur taomlaridan biri — kimpap tayyorlash jarayoni bosqichma-bosqich namoyish etildi. Talabalar nafaqat kuzatuvchi bo‘lib qolmay, balki kichik guruhlarga bo‘linib, o‘zlari ham ushbu taomni tayyorlashda faol ishtirok etdilar. Bu esa ularning amaliy bilimlarini mustahkamlash, jamoaviy ishlash va til ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, talabalar koreys milliy kiyimi — hanbokni kiyib ko‘rish orqali ushbu xalqning madaniy o‘ziga xosligini yanada chuqurroq his etdilar. Dars jarayonida ular kundalik iboralar, taom nomlari hamda madaniyatga oid atamalarni faol qo‘llab, tayyorlagan taomlarini koreys tilida taqdim etdilar.

Ochiq dars samimiy va interfaol muhitda o‘tib, talabalarda koreys madaniyati va tiliga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Mazkur mashg‘ulot nafaqat yangi bilimlar berib, balki ishtirokchilar uchun esda qolarli madaniy tajriba bo‘ldi.


