Koreyalik ko‘ngillilar o'zbek tilini o'rganadilar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Koreyaning xalqaro taraqqiyot hamkorlik markazi (KIDC) hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda KIDC bosh menejeri Noh Yunmi boshchiligidagi mehmonlar o‘rtasidagi muloqotda o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekistonga tashrif buyuradigan koreyalik ko‘ngillilar uchun o‘zbek va rus tillarini o‘rgatish kurslarini tizimli tashkil etishdan iborat. Muzokaralar natijasida ko‘ngillilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, 1 oylik qisqa muddatli hamda 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan uzoq muddatli maqsadli o‘quv kurslarini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ushbu yo‘nalishda KIDC va KOICA bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Shu kunga qadar ushbu tashkilotlarning bir nechta guruhlari aynan bizning universitetda o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘rganib, mamlakatimizning turli hududlarida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Mehmonlar universitetdagi o‘qitish metodikasi va yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, kelajakda ham bu kabi loyihalarni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ushbu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash bilan birga, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.



