Yangiliklar

img
Mon, 05/11/2026 - 12:04

Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim, istiqbollar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim, istiqbollar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etildi.

Universitetning Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur anjumanda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan olimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar hamda yosh izlanuvchilar ishtirok etdi.

Konferensiyaning yalpi yig‘ilishida kompyuter lingvistikasining bugungi rivojlanish tendensiyalari, o‘zbek tilining raqamli platformalardagi imkoniyatlarini kengaytirish, korpus tilshunosligi, mashina tarjimasi, sun’iy intellekt texnologiyalari hamda katta til modellari bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, kompyuter lingvistikasini rivojlantirishning ehtiyoji va zarurati, o‘zbek poetik korpusi, ko‘p tilli korpuslar asosida mashina tarjimasi tizimlarini takomillashtirish, raqamli mediamakonda matn tahlili hamda katta til modellari asosida bilimlarni avtomatik baholash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, konferensiya doirasida tashkil etilgan sho‘ba yig‘ilishlarida tabiiy tilni qayta ishlash (NLP), korpus tilshunosligi, kompyuter lingvodidaktikasi, terminologiya va terminografiya, sun’iy intellekt hamda lingvistik modellashtirish kabi yo‘nalishlarda ilmiy bahs-munozaralar olib borildi. Tadqiqotchilar tomonidan o‘zbek tilida matnlarni avtomatik tahlil qilish, sentiment analiz, imlo xatolarini aniqlash, ochiq kodli ASR modellarini qiyosiy tahlil qilish, WordNET ontologiyasi, feyk axborotni aniqlash va savol generatsiyasi kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.

 

Anjumanda soha mutaxassislari tomonidan o‘zbek kompyuter lingvistikasining istiqboldagi rivoji, milliy til korpuslarini boyitish, zamonaviy dasturiy mahsulotlar yaratish hamda tabiiy tilni qayta ishlash texnologiyalarini ta’lim va ilm-fanga keng joriy etish yuzasidan muhim taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

Konferensiya yakunida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rag‘batlantirish kompyuter lingvistikasi taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.