Kitob ulashamiz
13-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan poytaxtdagi Alisher Navoiy metro bekati hududida joylashgan “Turon” kutubxonasiga kitoblar olib borish tashabbusi amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus talabalarning o‘z ixtiyori va faol fuqarolik pozitsiyasi asosida tashkil etildi. Ular metro hududiga turli yo‘nalishdagi badiiy, ilmiy-ommabop hamda ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlarni joylashtirib, yo‘lovchilarga bepul taqdim etdilar. Tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilik orasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, mutolaa jarayonini kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish hamda ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Metro bekati hududi kabi gavjum jamoat joyida tashkil etilgan mazkur tadbir ko‘plab yo‘lovchilarning e’tiborini tortdi. Aholi vakillari, ayniqsa yoshlar va talabalar kitoblarni qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar, ayrimlari esa o‘zlari uchun zarur adabiyotlarni tanlab oldilar. Bu esa tashabbusning dolzarbligi va ijtimoiy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbir davomida talaba-qizlar milliy liboslarda tashrif buyurib, lapar ijro etdilar. Ularning milliy ruh va an’analarga sodiq chiqishlari atrofdagilarda iliq taassurot uyg‘otdi, tadbirga o‘ziga xos ko‘tarinkilik va bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Milliy qadriyatlarni targ‘ib etish bilan kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash uyg‘unligi mazkur tashabbusning ma’naviy mazmunini yanada boyitdi.
Mazkur ezgu ish yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan ijtimoiy-madaniy loyihalarning amaliy ifodasi bo‘lib, kitobga hurmat va mutolaaga rag‘batni kuchaytirish, jamoat joylarida ma’rifiy muhitni shakllantirish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etiladi.

