"Kelajakka qadam" — yoshlarga qanot
Yoshlar kuni doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari uchun “Kelajakka qadam” dasturi doirasida mazmunli uchrashuv tashkil etildi. Unda “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov hamda markaz kuratori Firdavs Akmalov ishtirok etib, loyihaning mazmun-mohiyati, asosiy maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur dastur yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Dastur doirasida talabalarning kasbiy amaliyot o‘tashi, yangi bilim va tajriba orttirishi, shuningdek, o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilinib, bugungi kunda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, har bir yigit-qiz uchun munosib shart-sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda Milliy bank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bank sifatida faoliyat yuritayotgani, yosh tadbirkorlar uchun imtiyozli moliyaviy imkoniyatlar va amaliy ko‘mak mexanizmlari joriy etilgani haqida ham so‘z yuritildi. Bu esa yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, dasturda ishtirok etish tartibi, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi istiqbollar yuzasidan batafsil javoblar oldilar. Uchrashuv ochiq muloqot va amaliy fikr almashuv ruhida o‘tib, yoshlar uchun muhim axborot maydoniga aylandi.
Eslatib o'tamiz, “Kelajakka qadam” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi.

Mazkur dasturni samarali amalga oshirish maqsadida «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyatiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yirik moliyaviy resurslar ajratilgan. Jumladan, 80 million AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘ 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foizda yo‘naltirilgan.
Shuningdek, yana 20 million AQSh dollari ekvivalenti talabalarni kasbga tayyorlash, ularning kasbiy amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirish uchun beg‘araz asosda ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘lar yoshlarning malakasini oshirish va ularni mehnat bozoriga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

