Jamiyat va sun’iy intellektning ijtimoiy tadqiqi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Jamiyat va sun’iy intellektning ijtimoiy tadqiqi” mavzusida ma’ruza va ilmiy-uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi.
2026-yil 16-fevral kuni universitetning Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Shri-Lanka Janubiy-Sharqiy universiteti vitse-kansleri, sotsiologiya fanlari doktori, professor Abubakr Ramez ma’ruza qildi. Ma’ruzada sun’iy intellekt ta’sirida jamiyat transformatsiyasi, ijtimoiy reallikning raqamlashtirilishi, sotsiologik tadqiqotlarda yangi metodologik yondashuvlar, shuningdek, sun’iy intellektning axloqiy va madaniy jihatlari keng yoritildi.
Seminarni sotsiologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Farog'at Faziyeva olib bordi. Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorant va magistrantlar hamda talabalar faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan savol-javob va muhokamalarda qatnashdilar. Ishtirokchilar tomonidan sun’iy intellektning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy institutlarga ta’siri hamda ilmiy izlanishlar istiqbollari yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tashrif doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Shri-Lanka Janubiy-Sharqiy universiteti o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Tomonlar o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro loyihalarda hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildilar.

Mazkur seminar xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va sun’iy intellektning ijtimoiy jihatlarini chuqur tahlil qilishga xizmat qiladigan muhim ilmiy-amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.

