Iste’dodlarni kashf etish yo‘lidagi hamkorlik
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, xususan, ijod maktablari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur hamkorlik iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kelgusida universitet talabasi sifatida kamol topishlari uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni kunlarda universitet dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdumurod Tilovov Qashqadaryo viloyatidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlar jarayonida ekspert sifatida ishtirok etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 905-sonli xatida ma’lum qilingan
Professor-o‘qituvchilarning bunday jarayonlardagi ishtiroki eng iqtidorli o‘quvchilarni saralash, ularning bilim va ijodiy salohiyatini xolis baholash, shuningdek, ta’limning uzviyligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, ijod maktablarining ko‘plab bitiruvchilari keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalariga aylanib, ilm-fan va adabiyot yo‘lida o‘z salohiyatlarini namoyon etib kelmoqda.

Shu bois ijod maktablari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik nafaqat iqtidorli yoshlarni aniqlash, balki ularni kelgusida malakali mutaxassis va yetuk ijodkorlar sifatida tarbiyalashda ham muhim o‘rin tutmoqda.


