Yangiliklar

img
Wed, 06/17/2026 - 17:37

Iqtidorli talabaning ulkan yutuqlari

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida o‘z bilimi, ijodi va ilmiy izlanishlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan talabalar talaygina. Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetining 3-bosqich talabasi Ortiqova Mehrixon Doniyor qizi ana shunday serqirra va iqtidorli yoshlardan biridir. U o‘zining qisqa faoliyati davomida ham adabiyot, ham ilm-fan sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.

Mehrixon yosh bo‘lishiga qaramay, adabiyot olamida o‘z ovoziga ega. Uning 14 yoshida yozgan fantastika janridagi "Jumboqlar kundaligi" romani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etildi. Quvonarlisi, ushbu asarga taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev taqriz bergan. Ijodkor qiz nufuzli Respublika "Zomin seminari" ishtirokchisi hisoblanadi. Shuningdek, uning hikoyalari "Yoshlik" jurnali va "Zomin bayozi" kabi nufuzli to‘plamlarda chop etilgan. Yaqin uch-to‘rt kun ichida esa yosh ijodkorning yangi tarjima kitobi ham nashrdan chiqishi kutilmoqda.

Mehrixon faqat ijod bilan cheklanib qolmay, ilm-fan yo‘lida ham samarali izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kungacha uning 12 ta ilmiy maqolasi respublikamizda va xorijiy davlatlardagi nufuzli nashrlarda chop etilgan. Xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligi sababli, u ingliz, rus, turk va koreys tillarida erkin so‘zlasha oladi. Bu bilimlar unga turli xalqaro va ilmiy bellashuvlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishida katta yordam beryapti.

 

Iqtidorli talabamiz kitobxonlik yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovlarda ham doim peshqadamlar safida. U "Yil talabasi" tanlovi, "Zukko kitobxon" hamda "Yosh kitobxon" ko‘rik-tanlovlarining shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Mehrixonning erishgan yutuqlari ilm va ijodga intilgan barcha yoshlar uchun haqiqiy motivatsiya manbaidir.