Innovatsion g‘oyalar – yoshlar nigohida
2025-yil 18-fevral kuni soat 12:00 da universitetimizda “Qizlar va innovatsion loyihalar: g‘oyadan amaliyotga” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Jamoldinova Odina Rasulovna, “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davra suhbatining asosiy maqsadi qizlarni innovatsion loyihalar yaratishga undash, ularning ilg‘or g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishda ko‘maklashish, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilm-fan va innovatsiya sohasida qizlarning o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilarga zamonaviy innovatsion fikrlash, tashabbuskorlik va ijodiy yondashuvning bugungi taraqqiyot jarayonidagi muhim o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Davra suhbatida talaba qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, professor-o‘qituvchilardan batafsil va asosli javoblar oldilar. Muloqot jarayonida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish bosqichlari, g‘oyani shakllantirish va uni amaliy natijaga aylantirish mexanizmlari, grant va tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatlari, shuningdek, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar universitet hamda jamiyat miqyosida ilmiy salohiyatni kengaytirish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini taqdim etdilar. Talaba yoshlar istiqboldagi rejalari, yangi tashabbuslari va innovatsion loyihalari yuzasidan fikr almashib, kelajakni birgalikda yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida qizlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni ilm-fan va innovatsiya jarayonlariga faol jalb etish universitetimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi. Mazkur davra suhbati yoshlarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni innovatsion faoliyatga keng jalb etish hamda zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.

