Ilmiy-nazariy seminar o'tkazildi
2026-yil 29-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshida navbatdagi ilmiy-nazariy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir kafedraning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirishga qaratildi.
Seminar dotsent Hafiza Qo‘chqorovaning “Sun’iy intellekt adabiyot uchun xavfmi?” mavzusidagi dolzarb ma’ruzasi bilan boshlandi. Ma’ruzada zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellektning adabiyot va tarjima sohasiga ta’siri atroflicha tahlil qilindi.
Tadbirning keyingi qismida kafedraning III kurs tayanch doktoranti Gulnoza Xudoyqulova ekzotizmlarning tarjimada ifodalanishi masalasiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi. Shuningdek, II kurs tayanch doktoranti Fazilat Habibullayeva “Boburnoma” asaridagi arxaizmlar tarjimasining qiyosiy tahliliga oid tadqiqot natijalarini taqdim etdi.
Seminar davomida professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida ochiq va samarali ilmiy muloqot, qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Bildirilgan fikr va takliflar ilmiy izlanishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mazkur ilmiy-nazariy seminar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning tadqiqot faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy maktablar faoliyatini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


