Yangiliklar

img
Fri, 04/03/2026 - 10:39

Ilmiy-metodologik seminar o’tkazildi

2026-yil 31-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasida doktorantlarning navbatdagi ilmiy-metodologik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarni kafedra professori Manzura Abjalova olib borib, unda ilmiy, nazariy va metodologik yo‘nalishlarda muhim ma’ruzalar tinglandi hamda bilim va tajriba almashinuvi uchun samarali muhit yaratildi.

Seminar davomida doktorantlar o‘z ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etdi. Jumladan, Shaxnoza Suvanovna Xudaykulova “Qadriyatlar evolyutsiyasi: o‘zbek aksiomadaniyatida ayol rolini aks ettiruvchi maqollar tahlili” mavzusida ma’ruza qilib, xalq og‘zaki ijodida ayol obrazining ijtimoiy-madaniy o‘rni va qadriyatlar tizimidagi o‘zgarishlarni ilmiy asosda yoritdi.

Shuningdek, Nabiyeva Parvina Akbarjonovna “Boburnoma”dagi fe’l-atvor leksemalarining tezaurusidagi semantik maydon va semantik munosabatlar mavzusida chiqish qilib, klassik matnlar leksikasini tizimli o‘rganish hamda semantik strukturalarni tahlil qilish masalalarini keng ochib berdi.

Begmatova Marjona Jomg‘ir qizi esa “Shajarayi tarokima” leksikasidagi o‘z qatlam so‘zlar semantikasi mavzusida ma’ruza qilib, tarixiy matnlar tilidagi milliy leksik qatlamning shakllanishi va rivojlanish xususiyatlarini ilmiy jihatdan asoslab berdi.

 

Tadbir davomida ma’ruzalar yuzasidan qizg‘in ilmiy munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va savol-javoblar ilmiy muhitning jonliligini ta’minlab, tadqiqotlarni yanada takomillashtirishga xizmat qildi. Ayniqsa, tezaurus yondashuvi, semantik maydon nazariyasi hamda lingvokulturologik tahlil masalalari atrofidagi bahslar alohida e’tibor qozondi.

 

Mazkur seminar yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ilmiy g‘oyalarni shakllantirish hamda milliy tilshunoslik maktabining rivojiga hissa qo‘shish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.