Yangiliklar

img
Tue, 03/31/2026 - 11:11

Ilmiy-metodik seminarlar davom etmoqda

2026-yil 30-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasida navbatdagi ilmiy-metodik seminar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar kafedraning ilmiy salohiyatini oshirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Seminar kafedra o‘qituvchisi Husan Maqsudovning “Navoiy g‘azaliyotida nafs talqinlari xususida” mavzusidagi ma’ruzasi bilan boshlandi. Ushbu ma’ruza tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otib, qizg‘in ilmiy munozaralarga sabab bo‘ldi. Unda Alisher Navoiy g‘azaliyotida nafs tushunchasining badiiy talqini, uning ilmiy-nazariy hamda falsafiy-irfoniy asoslari chuqur tahlil qilindi. Ma’ruzachi nafs konsepsiyasining adabiy-estetik mohiyatini ochib berar ekan, bu masalaning mumtoz adabiyotdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Seminarning keyingi qismida kafedraning tayanch doktorantlari hamda mustaqil izlanuvchilari o‘z ilmiy tadqiqot mavzulari yuzasidan tayyorlagan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Taqdim etilgan ishlar turli ilmiy yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan ajralib turdi. Har bir ma’ruza yuzasidan universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan batafsil fikr-mulohazalar bildirilib, tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, metodologik yondashuvlarni boyitish va ilmiy natijalarni takomillashtirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

 

Seminar davomida ishtirokchilar o‘rtasida ochiq, erkin va samarali ilmiy muloqot muhiti yuzaga keldi. Bahs-munozaralar jarayonida ilgari surilgan fikrlar nafaqat yosh tadqiqotchilar, balki tajribali olimlar uchun ham yangi ilmiy qarashlarni shakllantirishga xizmat qildi.

 

Mazkur ilmiy-metodik seminar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning tadqiqot faoliyatini tizimli tashkil etish hamda ilmiy maktablar faoliyatini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.