Ilmiy izlanishlar va metodologik yondashuvlar muhokama markazida
2026-yil 19-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi doktorantlarining navbatdagi ilmiy-metodologik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarni filologiya fanlari doktori, professor Manzura Abjalova olib bordi.
Muntazam tashkil etib kelinayotgan mazkur seminar ilmiy, nazariy hamda metodologik yo‘nalishda olib borilib, doktorant va tadqiqotchilar uchun o‘zaro bilim va tajriba almashish, ilmiy izlanishlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Seminarda to‘rt nafar tadqiqotchi o‘z ilmiy izlanishlari natijalari yuzasidan ma’ruza qildi. Dastlab, 3-kurs tayanch doktoranti Samiyeva Nilufar “Hikmatli so‘zlarning semantik tipalogiyasi va tasnifi” mavzusida taqdimot o‘tkazib, hikmatli so‘zlarni semantik jihatdan tahlil qilishning dolzarbligi, tahlil usullari hamda tasnif masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng Odilova Dilobar “XI–XII asr manbalaridagi oʻxshatish etalonlarining lingvokognitiv xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza davomida o‘zbek tilshunosligida etalonlar yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar, ularning ma’nosini ifodalovchi leksik va grammatik vositalar hamda XI–XII asr manbalarida qo‘llanish xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Nazariy qarashlar amaliy misollar asosida dalillandi.

Keyingi ma’ruzachi 3-kurs tayanch doktoranti Abruyeva Zaxro “Oʻzbek tilidagi murojaat shakllarini kategoriyalashtirish tamoyillari” mavzusida chiqish qilib, klassik va prototipik kategoriya farqlari, kategorizatsiya tamoyillari hamda murojaat shakllarining prototipik kategoriyasi haqida atroflicha fikr yuritdi.
Seminarning navbatdagi ma’ruzachisi Yusupova Aziza bo‘lib, u “Abstraksiya asosidagi metaforalarning kognitiv-semantik tahlili” mavzusidagi ilmiy izlanishlarini taqdim etdi.

Seminar davomida professor M. Abjalova tomonidan ma’ruzachilarga ilmiy tadqiqot olib borish, ilmiy taqdimot etiketi hamda ilmiy xulosalarni samarali shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, har bir doktorantning ilmiy ishiga doir muhim maslahat va tavsiyalar bildirib, tadqiqotlarni takomillashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Seminar savol-javoblar, ilmiy muhokamalar va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari uchun ilmiy-nazariy bilimlarni chuqurlashtirish hamda ularni samarali taqdim etish bo‘yicha berilgan tavsiyalar ayniqsa manfaatli bo‘ldi.

