Ilm va ma’rifatga baxshida umr
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida atoqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Akramov xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar, talaba-yoshlar, shogirdlar, olimning farzandlari, nabiralari hamda qadrdon do‘stlari ishtirok etdi.
Adabiy-ma’rifiy uchrashuvni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ochib berib, professor Botirxon Akramovning o‘zbek adabiyotshunosligi, xususan, navoiyshunoslik ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, universitet professori, filologiya fanlari doktori Nusratulla Jumaxo‘ja hamda boshqa soha vakillari so‘zga chiqib, olimning ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rni, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etishdagi xizmatlari va ustozlik maktabi haqida samimiy xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda professor Botirxon Akramovning qizi Guli Akramovaga universitetning “Alisher Navoiy” medali topshirildi. Shuningdek, olimning farzandlari, nabiralari va yaqinlari tomonidan ustoz haqidagi samimiy xotiralar tilga olindi.
Uchrashuv davomida professor Botirxon Akramovning ilmiy merosi, navoiyshunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi hamda yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Talaba-yoshlar uchun tashkil etilgan ushbu tadbir ustozning boy ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, yosh avlod qalbida ilmga hurmat va ustozlarga ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

