Yangiliklar

img
Fri, 03/06/2026 - 06:11

“Ilm qiyofasidagi ayol”

2026-yil 4-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ilm qiyofasidagi ayol” nomli tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlarning mehnatini e’tirof etish, ularning ilmiy salohiyati hamda jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari prorektorlari, ilmiy tashkilotlar direktorlarining o‘rinbosarlari hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirishda faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar qatnashdi. Marosim doirasida ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol ayollar tantanali ravishda taqdirlandi.

Taqdirlanganlar qatorida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ham bor. U ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, universitetda innovatsion g‘oyalar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda ilmiy muhitni mustahkamlash borasida olib borayotgan samarali faoliyati uchun mukofot bilan taqdirlandi.

Nozliya Normurodova ilmiy faoliyati davomida ilm-fan taraqqiyoti, ayniqsa, filologiya yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan universitetda ilmiy grantlar va innovatsion loyihalar sonini ko‘paytirish, doktorantura va mustaqil izlanuvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga faol jalb etishga qaratilgan qator ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etildi.

  

Shuningdek, universitetda ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, ilmiy nashrlar sifatini yaxshilash, xalqaro ilmiy bazalarda indekslanadigan maqolalar sonini ko‘paytirish hamda ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy tashabbuslarini rag‘batlantirish va ilmiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur e’tirof universitet ilmiy jamoasining izchil mehnati va ilmiy izlanishlari natijasida erishilayotgan yutuqlarning yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ilmiy yutuqlarga erishishlari uchun muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.