Ilm-fan va innovatsiyalarda faol ishtirok
2026-yil 1-may kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Ilhom Siradjev rahbarligida Yangi Oʻzbekiston universitetida oliy taʼlim tizimida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga bagʻishlangan nufuzli davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Mazkur ilmiy-muloqotda mamlakatimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etib, sohaning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ham tadbirda faol qatnashdi.
Universitetimiz O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari Manzura Abjalova, Mahliyo Tuxtasinova hamda kafedra doktorantlari tadbirda so‘zga chiqib, ilmiy-innovatsion rivoj yo‘nalishlari bo‘yicha muhim fikr va takliflarini bildirdilar.
Davra suhbatida ilmiy grantlar tizimini takomillashtirish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va doktorantura taʼlimining samaradorligini oshirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Universitetimiz vakillari ilmiy tadqiqotlar sifatini yanada yuksaltirish, zamonaviy ilmiy metodologiyalarni keng joriy etish, olib borilayotgan tadqiqot natijalarini amaliyotga tez tatbiq etish bo‘yicha bir qator amaliy takliflarni ilgari surdilar.

Shuningdek, tadbirda sun’iy intellekt texnologiyalari, katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili va innovatsion startap loyihalar yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari alohida diqqat markazida bo‘ldi. Bu borada universitetimiz vakillari tomonidan bir nechta istiqbolli tashabbus va hamkorlik loyihalari taklif etildi.

Ushbu nufuzli tadbirdagi faol ishtirok Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy salohiyati yuqoriligini, mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish jarayonida faol va mas’uliyatli o‘rin tutayotganini yana bir bor tasdiqladi.

