Ijod va ilhom uchrashuvi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti S. Yoqubova boshchiligida 3-bosqich talabalari tomonidan “Badiiy tahlil asoslari” fani doirasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirga taniqli shoira, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shohsanam Nishonova hamda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori (PhD) Kumush Abdusalomova mehmon sifatida taklif etildi.
Mazkur ijodiy uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan shoiralarning eng sara she’rlari ifodali tarzda o‘qib eshittirildi. Bu esa tadbirga o‘zgacha ruh va badiiy kayfiyat bag‘ishladi. Talabalar she’riyatga bo‘lgan qiziqishlari va ijodiy yondashuvlarini namoyon etib, o‘z iste’dodlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv jarayonida shoiralar talabalar bilan samimiy muloqot olib bordilar. Adabiyot, ijod jarayoni, ilhom manbalari hamda zamonaviy she’riyatning o‘ziga xos jihatlari haqida qiziqarli fikrlar bildirildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil va ochiq javoblar berilib, ularning ijodiy izlanishlariga foydali tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbir davomida faol ishtirok etgan talabalar shoiralarning yangi chop etilgan kitoblari bilan taqdirlandilar. Bu esa yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, adabiyotga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Mazkur ijodiy uchrashuv talabalarning badiiy tafakkurini rivojlantirish, ularni mustaqil fikrlashga undash hamda adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yuqori saviyada va mazmunli ruhda o‘tkazildi.

