Yangiliklar

img
Wed, 04/01/2026 - 22:35

Ifodali o‘qish orqali badiiy matnni anglash masalalari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari uchun “Mutolaa madaniyati va ifodali o‘qish” fanidan binar dars mashg‘uloti tashkil etildi.

Mazkur mashg‘ulot “Adabiy tur va janrlarni mutolaa jarayonida farqlab o‘rganish” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, ma’ruza shaklida o‘tkazildi. Darsni professor G. Jo‘rayeva hamda taniqli yozuvchi va adabiyotshunos, professor Ulug‘bek Hamdam hamkorlikda olib bordi. Binar dars formati orqali talabalarga bir mavzuni ikki mutaxassis nigohi asosida chuqur va tizimli o‘rganish imkoniyati yaratildi.

Mashg‘ulot davomida adabiy tur va janrlarning nazariy asoslari izchil bayon etilib, epik, lirik va dramatik turga mansub asarlarning o‘ziga xos xususiyatlari aniq misollar orqali tahlil qilindi. Shuningdek, janrlar tasnifi, ularning badiiy matndagi ifodalanish shakllari, kompozitsion tuzilma va uslubiy belgilariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachilar mutolaa jarayonida asarni to‘g‘ri idrok etish, matnni tahlil qilishda janr xususiyatlarini inobatga olish, ifodali o‘qish orqali mazmun va badiiylikni chuqurroq anglash masalalariga batafsil to‘xtaldilar.

Amaliy qismda talabalarga turli janrdagi matnlar asosida ifodali o‘qish mashqlari taklif etildi. Ular asar mazmunini ovoz orqali ifodalash, urg‘u, ohang va pauzalardan to‘g‘ri foydalanish, matnning emotsional-estetik qatlamini ochib berish ko‘nikmalarini mustahkamlashdi. Shu bilan birga, badiiy asarni mutolaa qilishda individual yondashuv, talqin va baholash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Mashg‘ulot davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘z mulohazalari va savollari bilan jarayonga jalb etildi. Bu esa darsning interaktiv ruhda o‘tishini ta’minladi. Binar dars shakli nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish, talabalarning mustaqil fikrlashini rivojlantirish hamda adabiy jarayonlarga nisbatan chuqurroq ilmiy yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Mashg‘ulot yakunida talabalar uchun tavsiyalar berilib, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, badiiy matn bilan ishlash kompetensiyalarini oshirish borasida muhim xulosalar ilgari surildi.