Yangiliklar

img
Fri, 03/06/2026 - 06:14

Hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova boshchiligidagi tuman hokimligi vakillari ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari D. Rasulmuhamedova hamda universitetning Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori Gulnoza Jurayeva ham qatnashdi.

Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qildi, turli taklif va tashabbuslarini bildirdi. Muloqot davomida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish hamda talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi.

Tuman hokimi Nilufar Allabergenova talaba-yoshlarning murojaatlarini diqqat bilan tinglab, ularning savollariga batafsil javob berdi. Shuningdek, yoshlarning ta’lim olishi, kasbiy rivoji, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli ijtimoiy loyihalarga jalb etish hamda qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv jarayonida yoshlarning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undash muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan ilgari surilgan fikr va takliflar yuzasidan amaliy choralar ko‘rish, yoshlarning muammolarini tizimli hal etish hamda ular bilan muntazam muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

 

Shuningdek, uchrashuvda yaqinlashib kelayotgan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va ijtimoiy faolligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tadbir davomida jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini mustahkamlash, ularning ilm-fan, ta’lim va ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.

 

Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar va mahalliy hokimiyat vakillari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, yoshlarning muammo va takliflarini bevosita tinglash hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.