Yangiliklar

img
Sat, 03/14/2026 - 16:01

Hashar — elga yarashar

2026-yil 13–14-mart kunlari respublikamiz bo‘ylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham obodonlashtirish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirildi.

Hashar qadimdan xalqimiz hayotida muhim ijtimoiy an’ana sifatida shakllanib, hamjihatlik, mehr-oqibat, o‘zaro ko‘mak va Vatanga mehr kabi yuksak qadriyatlarni namoyon etib keladi. Shu ezgu an’ana asosida universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirokida oliygoh hududida obodonlashtirish va tozalik ishlari tashkil etildi.

Tadbir davomida universitet binolari atrofi tartibga keltirildi, yo‘laklar va yashil hududlar tozalandi, daraxt hamda manzarali ko‘chatlarga parvarish ishlari olib borildi. Hududdagi gulzorlar va yashil maydonlar obod qilinib, universitet muhitining yanada ko‘rkam va fayzli bo‘lishiga hissa qo‘shildi.

 

Hashar jarayonida jamoa a’zolari faqatgina hududni tozalash va obodonlashtirish bilan cheklanib qolmay, balki xalqimizga xos hamjihatlik va birdamlik muhitini ham yana bir bor namoyon etdilar. Bu kabi tadbirlar jamoada ekologik madaniyatni mustahkamlash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish hamda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Umumxalq xayriya hashari doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar yurtimizda obodlik madaniyatini yanada rivojlantirish, mahallalar, ta’lim maskanlari va jamoat joylarini yanada fayzli va ko‘rkam etishga xizmat qilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi ham ushbu umumxalq tashabbusida faol ishtirok etib, yurtimiz obodligi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shmoqda.