Yangiliklar

img
Fri, 05/08/2026 - 09:44

Harbiy sharaf va vatanparvarlik haqida suhbat

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir tyutor Bektemirov Nurgali rahbarligidagi o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 204-guruh talabalari tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Mazkur tadbir xalqimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoyi insonlar xotirasini yod etish, yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va ajdodlar jasoratiga ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida tashkil qilindi.

Tadbirning faxriy mehmoni — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Qurolli Kuchlar safida qariyb 30 yil xizmat qilgan, Mudofaa vazirligining shakllanish jarayonida faol ishtirok etgan hamda Mudofaa vazirligi Markaziy kengashi a’zosi Safarali Bekov Irayimovich bo‘ldi.

Uchrashuv davomida faxriy mehmon o‘zining hayotiy tajribasi, harbiy xizmat faoliyati hamda Vatanga sadoqat haqida samimiy fikrlarini bildirib o‘tdi. Ayniqsa, yurt tinchligini saqlash, xalq manfaatlariga xizmat qilish va ajdodlar jasoratini qadrlash har bir yoshning muqaddas burchi ekani alohida ta’kidlandi. Mehmon tomonidan aytilgan hayotiy misollar va ibratli voqealar talabalar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.

 

Tadbir davomida talabalar va faxriy mehmon o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, harbiy xizmat, insoniy fazilatlar va vatanparvarlik haqidagi qimmatli tavsiyalarni tingladilar. Bu esa tadbirning ma’naviy ahamiyatini yanada oshirdi.

Shuningdek, tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan Vatan, tinchlik va jasorat mavzularidagi she’rlar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari hamda vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar namoyish etildi. Ijodiy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirib, ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.

 

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlarda tarixiy xotirani asrash, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhini kuchaytirish hamda Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.