Yangiliklar

img
Wed, 02/18/2026 - 15:12

“Halollik vaksinasi” — yuksak ma’naviyat sari muhim qadam

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” doirasida “Halollik vaksinasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy dars tashkil etildi.

Darsdan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba-yoshlarda halollik, vijdonlilik, poklik, mas’uliyat va adolatga sodiqlik kabi yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Mashg‘ulot avvalida “Halollik vaksinasi” tushunchasining mazmuni ochib berilib, u insonning ichki ma’naviy immuniteti — ya’ni yolg‘on, poraxo‘rlik, firibgarlik, dangasalik va beparvolik kabi illatlarga qarshi kurasha olish qobiliyati ekani ta’kidlandi.

Dars jarayonida talabalar bilan interfaol usullar asosida ishlanib, real hayotiy misollar, muammoli vaziyatlar va savol-javoblar orqali halollikning kundalik hayotdagi ahamiyati muhokama qilindi. Xususan, darsni vijdonan bajarish, o‘zgalarning haqqiga xiyonat qilmaslik, topilgan buyumni egasiga qaytarish, navbatga rioya qilish kabi oddiy, ammo muhim fazilatlar jamiyat taraqqiyotining asosi ekani alohida qayd etildi. Shuningdek, noto‘g‘ri xatti-harakatlarning nafaqat shaxs, balki jamiyat hayotiga ham salbiy ta’siri borligi aniq misollar bilan tushuntirildi.

Mazkur jarayon talabalarning mustaqil fikrlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish va o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikni his etish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirdi.

 

Mashg‘ulot davomida mamlakatimizda halollikni targ‘ib etish, korrupsiyaga qarshi kurashish va sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritildi. Talabalar jamiyatda halollik madaniyatini qaror toptirishda har bir fuqaroning, ayniqsa, yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini angladilar.

Dars yakunida “Men halol bo‘lsam — jamiyatga foyda keltiraman” degan g‘oya asosida talabalarda halol yashashga bo‘lgan ichki ehtiyoj va motivatsiya yanada kuchaydi. Auditoriyada o‘zaro hurmat, ishonch va adolat tamoyillariga asoslangan sog‘lom muhit shakllanishiga xizmat qiluvchi fikrlar ilgari surildi.

 

“Halollik vaksinasi” mavzusidagi ushbu “Kelajak soati” darsi talaba-yoshlarni nafaqat bilimli, balki yuksak ma’naviyatli, vijdonli va mas’uliyatli insonlar etib tarbiyalash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.