Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak...
2026-yil 6-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston xalq shoiri, tarjimon va dramaturg Usmon Azim bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi tashabbusi bilan “Uyg‘onish” ilmiy-adabiy to‘garagi doirasida tashkil etildi.
“Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak...” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda shoirning yangi she’rlaridan namunalar tinglandi hamda uning ijodiga xos badiiy va falsafiy jihatlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida talabalar shoirga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, uning hayoti va ijod yo‘liga oid qiziqarli hikoyalarni tinglashdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Usmon Azim she’rlaridan parchalar ifodali o‘qib berilgani uchrashuvga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Jonli muloqot, samimiy suhbat va badiiy mushohadalarga boy bo‘lgan ushbu uchrashuv ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

“Uyg‘onish” to‘garagining navbatdagi yig‘ilishi adabiyot, milliy meros va zamonaviy badiiy jarayonlar uyg‘unligini namoyon etgan, ilmiy va ma’naviy jihatdan yuksak saviyada tashkil etilgan muhim tadbir sifatida e’tirof etildi.


