Yangiliklar

img
Sat, 03/09/2024 - 14:52

Ganjada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ochiladi

     Ulug‘ ozarbayjon shoiri shayx Nizomiy Ganjaviy Sharq adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan mutafakkir sifatida butun dunyoda alohida ehtiromga ega buyuk shaxsiyatlardan biridir. U yaratgan “Xamsa” (beshlik)  - dostonlar majmui asrlar davomida  shoirlarning mahorat darajasini belgilovchi mahak toshi vazifasini o‘tab kelgan. Sharq adabiyotida yuzlab shoirlar “Xamsa” yo‘lida dostonlar yaratishga uringan bo‘lsalar-da, faqat besh nafar shoirning “Xamsa”si  Nizomiy “Xamsa”siga munosib javob bo‘lgani qayd etilgan. Ular orasida eng mashhuri Alisher Navoiy qalamiga mansubdir. Navoiy Nizomiy Ganjaviyni o‘ziga ma’naviy ustoz, pir maqomida ulug‘lar ekan, uning “Xamsa”siga javob yozmoq “sherning panjasiga panja urmoq” bilan barobar ekani va  tushida uning oq fotihasini olish sharafiga muyassar bo‘lganini faxr bilan esga oladi.  Ushbu e’tirof barcha  keyingi asrlarda o‘zbek xalqi tomonidan Nizomiy Ganjaviy dostonlarining sevib o‘qilishi va  Nizomiy dahosiga Navoiyga ko‘rsatilgani kabi katta ehtirom ko‘rsatilishiga olib keldi.  Bu an’ana ikki xalq orasida do‘stlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgan bugungi zamonda yanada yaqqol o‘zini namoyon etmoqda.
      Joriy yilning 7-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazini ochish masalasini muhokama qilish uchun Ozarbayjon Respublikasi Ilmlar akademiyasining Ganja viloyati bo‘linmasiga tashrif buyurdi.
     Tashrif Nizomiy Ganjaviy qabrini ziyorat qilishdan boshlandi. Maqbara atrofida yaratilgan milliy bog‘, uning markazida qad rostlagan muhtasham muzey   bilan tanishish chog‘ida muzey xodimlari o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ilmiy-adabiy aloqalar tarixiga to‘xtalib, ko‘plab qiziqarli eksponatlar bilan tanishtirdilar. 

  

     Ozarbayjon Respublikasi Ilmlar akademiyasining Ganja viloyati bo‘linmasida Ganja olimlari va ziyolilari  bilan uchrashuv ikki qardosh xalq vakillari orziqib kutgandek  samimiy va do‘stona ruhda kechdi. Muloqot jarayonida o‘zbek olimlari tomonidan mazkur ilmiy muassasada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish taklifi ozarbayjonlik hamkasblar tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. 
     Shundan so‘ng universitet xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori, professor  N.Z. Normurodova universitet tomonidan ochilgan bir qator markazlar, ularning faoliyati va Ganjada markaz ochish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida taqdimot qildi.

  

   Uchrashuv so‘ngida Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda Ozarbayjon Respublikasi Ilmlar akademiyasining Ganja viloyati bo‘linmasi rahbari, akademik Fuad Yusuf o‘g‘li Ganjada Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha kelishuvni imzoladilar. Ushbu markaz ochilishi bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlariga O‘zbekiston tomonidan professor  Gulbahor Ashurova, Ozarbayjon tomonidan  professor Alimuxtor Muxtorov mas’ul etib belgilandi. Kelishuvga binoan markazning ochilish marosimi joriy yilning oxirgi choragida ikki davlat diplomatik korpusi, davlat va jamoat arboblari ishtirokida o‘tkazilishi belgilandi.