Yangiliklar

img
Fri, 03/13/2026 - 20:26

Dushanbeda O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida so‘nggi yillarda qaror topgan yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiq va ishonchga asoslangan siyosat natijasida gumanitar hamkorlik, ayniqsa, ta’lim, ilm-fan, til va madaniyat sohalaridagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbek va tojik xalqlarini asrlar davomida bog‘lab kelgan ma’naviy yaqinlik, avvalo, buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va ijodiy hamkorlik timsolida namoyon bo‘ladi. Ushbu tarixiy an’ana ikki xalq o‘rtasidagi madaniy muloqot va ma’naviy hamjihatlikning mustahkam poydevorini yaratgan bo‘lib, bugungi ilmiy va gumanitar hamkorlik ham aynan shu an’ananing uzviy davomidir. Xususan, joriy yilning 13 mart kuni Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida, Sotim Ulug‘zoda nomidagi Xalqaro xorijiy tillar universitetida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan O‘zbek tili va madaniyat markazi ochildi.

Markazning ochilish marosimi O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchinchi forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki davlatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

  

Ochilish marosimida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhurat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan mazkur markazga ilmiy, publitsistik va badiiy adabiyotlardan iborat 100 dan ortiq kitoblar, shuningdek, o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi amaliy san’at buyumlari topshirildi.

  

Shuningdek, tashrif doirasida Sotim Ulug‘zoda nomidagi Xalqaro xorijiy tillar universitetining filologiya fakulteti qoshida faoliyat yuritayotgan o‘zbek tili yo‘nalishi talabalari hamda professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida akademik Shuhurat Sirojiddinov tomonidan o‘qilgan ma’ruza ilmiy jamoatchilik va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Ma’ruzada til, madaniyat va universitetlararo diplomatiyaning zamonaviy shakllari, Markaziy Osiyo oliy ta’lim makonida ijtimoiy-madaniy hamkorlikni chuqurlashtirish zarurati hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur markaz o‘zbek tilini o‘qitish, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi akademik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘ladi. Markaz faoliyati doirasida o‘zbek tilini turli darajalarda o‘qitish, ilmiy seminarlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Dushanbe shahrida O‘zbek tili va madaniyat markazining ochilishi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro ilmiy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim tashabbuslaridan biri bo‘lib, u ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi kungacha shu kabi markazlar Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida, Turkiyaning Bursa Uludag universitetida, Ozarbayjonning Ganja shahrida, Italiyaning Ka-Foskari universitetida ham ochilgan hamda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.