Yangiliklar

img
Thu, 08/13/2026 - 20:35

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif

13-avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talaba yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tarixiy va ma’naviy bilimlarini boyitish hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan navbatdagi ma’rifiy tashrif tashkil etildi.

Universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva boshchiligida universitet xodimlari, tyutorlar va talabalardan iborat jamoa Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida yoshlar markazning zamonaviy ekspozitsiya va taqdimotlari orqali O‘zbekiston hududida shakllangan islomiy ilm-fan va madaniyat tarixi, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda qadimiy yozma manbalar bilan yaqindan tanishdilar.

Islom sivilizatsiyasi markazi talaba yoshlar uchun nafaqat tarixiy ma’lumotlar bilan tanishish, balki ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini yaxlit holda anglash imkonini beradigan muhim ma’rifiy maskanlardan biridir. Markazdagi ekspozitsiyalar orqali talabalar ilm-fan, ta’lim, madaniyat, me’morchilik, xattotlik va kitobat an’analarining yurtimiz tarixidagi rivojlanishi haqida tasavvurlarini kengaytirishlari mumkin.

Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari uchun bunday tashriflarning ahamiyati katta. Chunki o‘zbek tili va adabiyoti, mumtoz adabiyot, tarixiy manbashunoslik hamda milliy ma’naviyatni chuqur o‘rganishda ajdodlarimiz yaratgan ilmiy, adabiy va madaniy merosni bevosita ko‘rish va u haqidagi bilimlarni boyitish muhim o‘rin tutadi. Markazda namoyish etilayotgan qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va ilmiy meros namunalari yoshlarning kitobat madaniyati, yozma manbalar va milliy ilmiy an’analarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida talabalar tariximiz va ma’naviy qadriyatlarimizga oid ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi bilan tanishish yoshlarni ilm olishga, izlanishga va ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganishga undovchi muhim omil bo‘ldi.

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan bunday ma’rifiy tashriflar yoshlarning yozgi ta’til davridagi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning dunyoqarashini kengaytirish, tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga hurmatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Universitetda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun ta’lim jarayonini ma’rifiy va madaniy tadbirlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif ham talabalarning bilim va tasavvurlarini kengaytirishga qaratilgan mazmunli ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.