Dilnavoz Najimova – ilm-fan maydonida e’tirof etilgan iqtidorli olima
Bugungi kunda ilm-fan faqat laboratoriyalar va formulalar bilan cheklanib qolmay, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi muhim qarorlar, innovatsiyalar va ilg‘or g‘oyalar maydoniga aylanmoqda. Bu jarayonda qizlar va ayollarning faol ishtiroki tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkent davlat transport universitetida “Ilm-fan sohasida qizlar: imkoniyatlar va mas’uliyat” mavzusida o‘tkazilgan Respublika anjumani ana shu haqiqatni yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Tadbir davomida ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishgan iqtidorli qizlar tantanali ravishda taqdirlandi. Ular orasida universitetimiz tayanch doktoranti Dilnavoz Najimovaning e’tirof etilgani alohida quvonch va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Dilnavoz Najimova bolalar adabiyoti yo‘nalishida olib borayotgan ilmiy izlanishlari bilan ilmiy jamoatchilik e’tiborini qozonib kelmoqda. Uning tadqiqotlari mazkur sohada yangicha ilmiy yondashuv, chuqur tahlil va dolzarb masalalarga innovatsion qarashlari bilan ajralib turadi. U o‘z izlanishlarida milliy bolalar adabiyotining bugungi taraqqiyot bosqichi, badiiy-estetik mezonlar va tarbiyaviy ahamiyat masalalarini ilmiy asosda yoritib bermoqda.

Shuningdek, Dilnavoz Najimova o‘z ilmiy faoliyatini xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli davom ettirib, Stipendium Hungaricum, NSP va Erasmus kabi nufuzli xalqaro dasturlar orqali xorijiy tajriba orttirgan. Mazkur dasturlar doirasida olgan bilim va tajribasi uning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlab, tadqiqotlari ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Yosh olimaning izchil mehnati, ilmga bo‘lgan sadoqati va erishgan natijalari uning nafaqat shaxsiy yutug‘i, balki universitetimiz ilmiy salohiyatining ham yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

