Yangiliklar

img
Wed, 02/11/2026 - 13:20

Buyuk mutafakkirlar merosiga bag‘ishlangan anjuman

Yurtimizda buyuk mutafakkirlar merosini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, ularning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini keng targ‘ib etish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va shu  munosabat bilan Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi keng nishonlanmoqda.

Mazkur sana doirasida uchta nufuzli maskanda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligida, Bilim va malakalarni baholash agentligida hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘tkazilgan anjumanlarda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari faol ishtirok etdilar.

Har uchala tadbirda ham Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti A.Tilavov o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi. U o‘z chiqishlarida Alisher Navoiy ijodining turkiy til ravnaqidagi beqiyos o‘rni, mutafakkirning insonparvarlik, adolat va komil inson tarbiyasiga doir falsafiy qarashlari haqida chuqur va ilmiy asoslangan fikrlar bildirdi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur merosining tarixiy va adabiy ahamiyati, uning “Boburnoma” asarining jahon madaniyati va tarixshunosligidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi.

 

Ma’ruzachi Navoiy va Bobur asarlarining bugungi kunda ham dolzarbligini aniq misollar orqali asoslab, ularning g‘oyalari zamonaviy yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlarining mazkur tadbirlardagi faol ishtiroki anjumanlarning ilmiy saviyasini oshirdi hamda universitetning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi yetakchi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

 

Alohida ta’kidlash joizki, universitet olimlari buyuk allomalar merosini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida izchil faoliyat olib bormoqda. Ularning sa’y-harakatlari nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘urur, yuksak ma’naviyat hamda mustaqil fikrlash ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Buyuk ajdodlarimiz — Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur merosi esa xalqimizning mangu ma’naviy boyligi sifatida avlodlar uchun nurli yo‘l bo‘lib qoladi.