Yangiliklar

img
Sun, 08/16/2026 - 13:20

Buxoroda ilm-fan va ta’lim rivoji masalalari muhokama qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan Buxoro viloyatida akademiklar, olimlar va ziyolilar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Mazkur uchrashuvlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ham ishtirok etib, ta’lim va ilm-fan rivoji, ilmiy salohiyatni yanada oshirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari yuzasidan fikr almashmoqda.

Akademiklar ishtirokidagi uchrashuvlar dastlab Buxoro viloyati hokimligida boshlandi. Muloqotlar keyinchalik viloyatdagi qator ta’lim muassasalarida davom ettirilib, ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Buxoro davlat pedagogika institutida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvning muhim natijalaridan biri Buxoro davlat pedagogika instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va innovatsion hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanishi bo‘ldi.

 

Memorandum Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov tomonidan imzolandi.

Kelishuvga muvofiq, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy-amaliy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish hamda ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratadilar.

 

Mazkur hamkorlik o‘zbek tili va adabiyoti, pedagogika, ta’lim metodikasi hamda turdosh yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlarni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Buxoroda akademiklar ishtirokida tashkil etilayotgan uchrashuvlar esa ilm-fan va ta’lim vakillari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, hududlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.

Buxoro davlat pedagogika instituti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida imzolangan Memorandum ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.