Yangiliklar

img
Thu, 02/12/2026 - 18:36

Bobur merosi tadqiqiga doir xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2026-yil 12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PQ-20-son qaroriga muvofiq “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni” mavzusida III xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.

Anjuman universitet rahbariyati vakillarining kirish so‘zi bilan ochildi. Unda mumtoz adabiyot durdonalarini o‘rganishda mahalliy va xorijiy olimlar hamkorligining ahamiyati, boburshunoslik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar hamda dolzarb vazifalar xususida fikr yuritildi.

Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayid so‘zga chiqib, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-badiiy va ma’naviy merosiga bo‘lgan e’tibor, yangi nashrlar hamda Bobur merosining bugungi ijodkorlar uchun ilhom manbai ekani haqida ta’kidladi. Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi Rustam Mamasoliyev esa fond faoliyatini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida tanlov va ma’rifiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.

  

Konferensiyaning yalpi majlisida mahalliy hamda xorijlik yetuk olimlar ma’ruzalar qildi. Jumladan, ToshDO‘TAU professorlari H. Dadaboyev, Z. Xolmanova, B. Abdushukurov, Farhod Rahimi, shuningdek, Turkiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjondan tashrif buyurgan olimlar Tanju Seyhan, Kemal Yavuz Ataman, Muhterem Saygin, Muso Olimdjonov, Baqtigul Temirova, Mehmet O‘zeren, Elnura Huseynova kabi mutaxassislarning chiqishlari tinglandi. Ma’ruzalarda Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy va ilmiy merosi, lingvistik qarashlari, turkiy adabiy til rivojidagi o‘rni, “Bobur asarlari lug‘ati”ning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati hamda boburshunoslikdagi zamonaviy tadqiqotlar yoritildi.

  

Konferensiyada respublika va xorijdagi hamkor universitetlarning professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, tadqiqotchilar hamda magistrantlar faol ishtirok etdi. Anjuman oflayn va onlayn formatda tashkil etilib, YouTube ijtimoiy tarmog‘i orqali ham jonli efirda namoyish etildi.