“Bobur asarlari lug‘ati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Bobur asarlari lug‘ati” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, tarjimonlar hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Shundan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU professorlari — filologiya fanlari doktori, professorlar Hamidulla Dadaboyev, Nurboy Jabborov, Zulxumor Xolmanova hamda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Berdaq Yusupov so‘zga chiqib, “Bobur asarlari lug‘ati”ning ilmiy ahamiyati, Bobur merosini tadqiq etishdagi o‘rni va zamonaviy lug‘atshunoslikdagi yutuqlar haqida fikr bildirdi.
Mazkur lug‘at Davlatimiz Rahbarining Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tayyorlangan bo‘lib, unda “Boburnoma”, “Bobur devoni” va “Mubayyin” asarlarida uchraydigan so‘z va iboralar izohlangan. Lug‘at O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida 2025-yilda chop etilgan.

Ilmiy nashr buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining asosiy leksik qatlamini zamonaviy lug‘atshunoslik tamoyillari va tarixiy-filologik tahlil asosida yoritadi. Unda avvalgi tadqiqotlarda qayd etilmagan ayrim so‘z va iboralar jamlangan, mavjud izohlarga aniqliklar kiritilgan. Lug‘at Bobur asarlarini chuqur o‘rganish, tarixiy va qiyosiy-tarixiy grammatika bo‘yicha tadqiqotlar olib borish hamda o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlarini kengroq ochib berishga xizmat qiladi.

Taqdimot davomida so‘zga chiqqan olimlar ushbu lug‘at filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, tadqiqotchilar hamda Bobur ijodi ixlosmandlari uchun muhim ilmiy manba ekanini ta’kidladi. Tadbir ToshDO‘TAU ilmiy jamoasi uchun ham ilmiy hamkorlik va tajriba almashish maydoni bo‘ldi.

