Yangiliklar

img
Tue, 03/03/2026 - 14:13

Bitiruvchilar amaliyotini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida Toshkent shahrida amaliyot o‘tayotgan bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning amaliy tajribasini mustahkamlash hamda moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazildi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oʻzmilliybank AJning 2026-yil 13-fevraldagi 7-q/q va 2-sonli qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi. Mazkur hujjatlar asosida bitiruvchi talabalarning amaliyot davrini samarali tashkil etish, ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Tadbir universitet Amaliyot bo‘limi boshlig‘i va bo‘lim xodimlari tomonidan olib borildi. Yig‘ilish davomida Shokir Xalilov Xurramovich “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyati, amaliyot jarayonini moliyalashtirish tartibi, to‘lovlarni rasmiylashtirish mexanizmlari hamda talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, dastur bitiruvchilarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ularni real ish muhiti bilan yaqindan tanishtirish va mehnat bozoriga puxta tayyorlashga qaratilgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, amaliyot davrida talabalarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha oylik to‘lov ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa yosh mutaxassislarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni mustaqil faoliyatga rag‘batlantirish hamda kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ish beruvchi tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik orqali bitiruvchilarning kelgusida doimiy ish bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

 

Yig‘ilish yakunida talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berildi, amaliyot o‘tash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tashkiliy masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, bitiruvchilarga o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga aniq va to‘liq javob olish imkonini yaratdi.