Yangiliklar

img
Sat, 04/25/2026 - 00:08

Bitiruv malakaviy ishlari ichki himoyasi o‘tkazildi

24-aprel kuni O‘zbek tilshunosligi kafedrasida professor-o‘qituvchilar hamda 4-kurs talabalari ishtirokida bitiruv malakaviy ishlarining ichki himoyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur jarayonda jami 41 nafar talaba o‘z ilmiy ishlarini taqdim etib, BMIning tuzilishi, boblar mazmuni, tadqiqot doirasi, olib borilgan kuzatishlar va olingan natijalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdilar.

Ichki himoya davomida talabalarning mavzuga yondashuvi, ilmiy izlanish olib borish ko‘nikmalari, tahliliy fikrlashi hamda xulosalar chiqarish qobiliyati atroflicha baholandi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan har bir ish yuzasidan muhim tavsiyalar, ilmiy-metodik ko‘rsatmalar berilib, bitiruv malakaviy ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur yo‘nalishlar belgilab olindi.

Shuningdek, jarayon davomida talabalarning chiqish madaniyati, mavzuni asoslab berish darajasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Ichki himoya yuqori saviyada, ochiq va tanqidiy-tahliliy ruhda tashkil etilib, har bir talaba o‘z ustida ishlashi uchun muhim tajriba orttirdi.

Yakunda bitiruv malakaviy ishlariga tashqi taqrizchilar biriktirilib, ularni keyingi bosqichga tayyorlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Mazkur jarayon talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, mustaqil tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatga puxta tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.