“Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyining 100 yilligi”ga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi
2026-yilning 26–28-fevral kunlari Boku shahrida “Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyining yuz yilligi”ga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Anjuman Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Ozarbayjon madaniyat vazirligi, Xazar universiteti, Yunus Emre instituti, Turk til qurumi, Marmara universiteti, Turk tadqiqotlari instituti hamda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Tarix va etnologiya instituti hamkorligida tashkil etildi.
Ma’lumki, 1926 yil 26-fevral – 5-mart kunlari Boku shahridagi Ismoiliya binosida Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi o‘tkazilgan. Mazkur tarixiy anjuman turkiy xalqlar ilmiy tafakkuri va madaniy integratsiyasida muhim bosqich bo‘lib, unda lotin grafikasiga asoslangan YANALIF alifbosi qabul qilingan. Bu qaror turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-madaniy yaqinlashuv jarayonini jadallashtirgan.
Joriy yilgi simpozium ramziy ravishda aynan shu tarixiy binoda tashkil etildi. Hozirda mazkur binoda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Prezidiumi faoliyat yuritadi.
Simpoziumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti v.b. Anvar Bo‘ronov ham ishtirok etdi. Universitet vakili anjumanda “Asr sabog‘i: turkiy tillar leksikasidagi o‘zgarishlarning yuz yillik retrospektivasi” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada turkiy tillar leksik tizimidagi yuz yillik o‘zgarishlar, alifbo islohotlarining lug‘aviy qatlamga ta’siri, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning til taraqqiyotidagi o‘rni tarixiy-qiyosiy yondashuv asosida tahlil qilindi.

Mazkur xalqaro simpoziumda universitet vakilining ishtiroki Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining turkologiya yo‘nalishidagi ilmiy salohiyati va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi faolligini yana bir bor namoyon etdi.

