Yangiliklar

img
Thu, 02/26/2026 - 11:27

“Bir yaxshilik haqida” – ma’naviy saboq

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” darslari doirasida 24-mavzu — “Bir yaxshilik haqida” nomli ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulot o‘tkazildi. Mazkur dars talaba-yoshlar qalbida ezgulik, mehr-oqibat va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, yaxshilik tushunchasining mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash hamda uning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yoritishga qaratildi.

Mashg‘ulot davomida yaxshilikning insoniy qadriyat sifatidagi ahamiyati, befarqlik va loqaydlikning salbiy oqibatlari, shuningdek, kichik ezgu amallar orqali katta ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkinligi haqida atroflicha fikr yuritildi. Talabalar bilan interaktiv muloqot asosida hayotiy misollar tahlil qilinib, kundalik turmushda uchraydigan vaziyatlarda insonning tanlovi — e’tiborli bo‘lish yoki befarq qolish, yordam qo‘lini cho‘zish yoki chetlab o‘tish masalalari muhokama qilindi. Bu esa yoshlarning hayotiy qarashlarini boyitish, ularni ongli va mas’uliyatli qaror qabul qilishga undashga xizmat qildi.

Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor Gulnoza Jurayeva tomonidan yaxshilikning, avvalo, oilada shakllanishi, undagi tarbiya va muhitning inson xarakteriga bevosita ta’siri, keyinchalik esa ijtimoiy muhit hamda zamonaviy axborot makonining shaxs dunyoqarashini shakllantirishdagi o‘rni haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Yaxshilik qilish insonning nafaqat atrofdagilarga, balki o‘z ruhiy holati va ichki osoyishtaligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi.

 

Mashg‘ulot universitetning bir nechta o‘quv xonalarida tyutorlar tomonidan ham tashkil etildi. Bu esa darsning qamrovini yanada kengaytirib, ko‘plab talabalarning faol ishtirokini ta’minladi. Ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirib, jamiyatda ezgulik muhitini shakllantirish har bir shaxsning kundalik odatlaridan boshlanishi haqidagi xulosalarga keldilar.

 

Dars yakunida talabalarga har kuni kamida bitta ezgu amal qilish odatini shakllantirish zarurligi uqtirildi. Zero, jamiyatning ma’naviy yuksalishi har bir insonning shaxsiy mas’uliyati, ongli tanlovi va amaliy harakatlaridan boshlanadi. “Kelajak soati” mashg‘ulotlari esa yoshlar ongida mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.