Yangiliklar

img
Thu, 04/09/2026 - 22:06

Bezorilik va jinoyatga qarshi kurash: talabalar bilan davra suhbati

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va talabalarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Yoshlar o‘rtasida bezorilik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarini oldini olish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi magistratura tinglovchisi, podpolkovnik Ravshanjon Karimov ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha ma’ruza qildi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida bugungi kunda yoshlar o‘rtasida uchrayotgan huquqbuzarlik turlari, ularning kelib chiqish sabablari va ayanchli oqibatlari haqida hayotiy misollar keltirib o‘tdi. Ayniqsa, inson hayoti va sog‘lig‘i daxlsiz ekani, har qanday tushunmovchilik yoki nizoli vaziyatlarni zo‘ravonlik bilan emas, balki yuksak madaniyat va o‘zaro muloqot orqali hal etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Muloqot davomida “Bir lahzalik jahl — butun umrlik pushaymonlikka chiptadir” degan hayotiy tamoyil asosida tushuntirish ishlari olib borildi. Talabalarga o‘z emotsiyalarini jilovlay olish, har qanday vaziyatda sabr-toqatli bo‘lish va qabul qilinayotgan har bir qarorning huquqiy oqibatini o‘ylab ish tutish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Podpolkovnik R. Karimov jinoyat uchun jazo muqarrar ekanligini qayd etib, yoshlarni o‘z kelajagiga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.
Tadbir ochiq muloqot va qizg‘in savol-javoblar shaklida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan mutaxassisdan batafsil javoblar olishdi. Bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarning qonunga hurmat ruhida voyaga yetishida hamda universitet hududida sog‘lom ijtimoiy muhitni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.